“KIM OLADI-YO SHU UYLARNI-YO?” aksiyasini o‘tkazish qoidalari

1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur “KIM OLADI-YO SHU UYLARNI-YO?” aksiyasini oʻtkazish qoidalari (keyingi oʻrinlada “Qoidalar” deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-moddasi va 369-moddasi 2-qismiga amal qilgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, ommaviy oferta hisoblanadi va “KIM OLADI-YO SHU UYLARNI-YO?” aksiyasini (keyingi oʻrinlarda “Aksiya” deb ataladi) oʻtkazish shartlarini belgilaydi.
1.2. Aksiya “Google Play” va “App Store”da yuklab olish mumkin bo‘lgan “Payme” mobil ilovasi ko‘rinishida taqdim etilgan “Payme” to‘lov xizmatini (keyingi o‘rinlarda – “Payme”) ommalashtirishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi tadbir hisoblanadi.
Aksiyada ishtirok etish uchun to‘lov undirilmaydi, bunda Aksiyada ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan Payme xizmatlarini ulashda (faollashtirishda) to‘lov undirilishi mumkin.
1.3. Aksiya tashkilotchisi: “PAYME” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda “Tashkilotchi” deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilgan (ro‘yxat raqami: 1231, ro‘yxatdan o‘tkazilgan sana: 07.07.2021 y., STIR: 302050181), Toshkent shahri, 100015, Fidokor ko‘chasi 10-B uy (telefon raqami: 1350) manzilida joylashgan va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 04.04.2020-yilda berilgan va 08.06.2024-yilda qayta rasmiylashtirilgan 3-sonli litsenziya asosida to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs hisoblanadi.
1.4. Aksiyani o‘tkazish muddati:
- Aksiya boshlanish sanasi: 2025-yil 1-aprel, soat 00:00:01 (Toshkent vaqti bilan);
- Aksiya tugash sanasi: 2025-yil 01-avgust soat 23:59:59 gacha (Toshkent vaqti bilan).
1.5. Aksiya qoidalari Tashkilotchi tomonidan payme.uz veb-saytida e’lon qilinadi, shuningdek, Tashkilotchining ixtiyoriga ko‘ra “Payme” va/yoki boshqa manbalarda (ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va hokazo) e’lon qilinishi mumkin.
1.6. Aksiya O‘zbekiston Respublikasi hududida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida o‘tkaziladi. Aksiyada ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan harakatlar “Payme” orqali amalga oshiriladi.
2. AKSIYADA ISHTIROK ETISH SHARTLARI
2.1. Aksiyada ishtirok etishga ruxsat beriladi: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va Payme foydalanuvchilari bo‘lgan to‘liq muomalaga layoqatli jismoniy shaxslar.
Aksiyada faqat Payme kompaniyasining noyob foydalanuvchilari ishtirok etadi. Foydalanuvchining noyobligi Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) orqali aniqlanadi.
2.2. Aksiyada ishtirok etishga ruxsat berilmaydi:
- muomalaga layoqatsiz shaxslar;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar;
- maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladigan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar;
- Tashkilotchi va/yoki uning affilangan shaxslarining xodimlari hisoblangan shaxslar, shuningdek Tashkilotchi yoki uning affilangan shaxslari bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzgan shaxslar;
- Aksiyani tashkil etish va o‘tkazishga aloqador boshqa shaxslar;
- Aksiya boshlanishidan oldin “payme plus-barchasi kiritilgan” xizmatining doimiy yoki sinov muddatini ulagan Payme foydalanuvchilari (Aksiya boshlanishidan oldin “payme plus-barchasi kiritilgan” xizmatining doimiy yoki sinov muddatiga ega bo‘lganlar).
2.3. Ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan Payme foydalanuvchisi Aksiyada ishtirok etish uchun quyidagi harakatlarni amalga oshirishi lozim:
2.3.1. Payme ilovasida identifikatsiyalangan foydalanuvchi bo‘lish (oʻz shaxsini tasdiqlash).
Foydalanuvchini identifikatsiyalash Aksiya boshlanishidan oldin ham, uning oʻtkazish muddati davomida ham amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, Aksiya oʻtkazish muddati tugayotgan vaqtda “Payme” foydalanuvchisi “Payme”da identifikatsiyalangan foydalanuvchi bo‘lib qolishi kerak. Aksiyada “Payme”ning noyob foydalanuvchilari ishtirok etadi, foydalanuvchining noyobligi uning JSHSHIRiga qarab aniqlanadi.
2.3.2. O‘zbekiston banki tomonidan chiqarilgan so‘mdagi bank kartasini “Payme”ga ulash.
“Payme”da bank kartasini ulash Aksiya boshlanishidan oldin ham, uning oʻtkazish muddati davomida ham amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, Aksiyani o‘tkazish muddati tugayotgan vaqtda bank kartasi “Payme”ga ulangan bo‘lishi kerak. Bank kartasi deganda faqat O‘zbekiston Respublikasi banklari tomonidan chiqarilgan so‘mdagi jismoniy bank kartalari tushuniladi (virtual bank kartalari va hamyonlarni ulash Aksiya maqsadlarida hisobga olinmaydi).
2.3.3. Aksiya o‘tkazilish muddati davomida Paymeda “payme plus - barchasi kiritilgan” xizmatining doimiy yoki sinov davrini ulab olish (faollashtirish).
“payme plus-barchasi kiritilgan” xizmatining doimiy yoki sinov muddatini ulash (faollashtirish) foydalanuvchi tomonidan Aksiyani oʻtkazish muddati davomida amalga oshirilishi kerak. Aksiya boshlanishidan oldin “payme plus-barchasi kiritilgan” xizmatining doimiy yoki sinov muddatini ulagan “Payme” foydalanuvchilari (Aksiya boshlanishidan oldin va boshlanish vaqtida “payme plus-barchasi kiritilgan” xizmatining doimiy yoki sinov muddatiga ega bo‘lganlar) Aksiyada ishtirok etmaydilar. “Payme plus-barchasi kiritilgan” xizmatini ulash shartlari xizmatni ulashda tanishib chiqish mumkin bo‘lgan alohida ommaviy oferta bilan tartibga solinadi.
2.4. Payme foydalanuvchisi Aksiyada qatnashish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirar ekan:
- Aksiya ishtirokchisiga aylanadi (keyingi o‘rinlarda – “Ishtirokchi”);
- ushbu Qoidalar shartlari bilan tanishganligini, tushunganligini, shuningdek, to‘liq va so‘zsiz roziligini (akseptini) tasdiqlaydi;
- Payme foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash tartibini tartibga solish bo‘yicha ushbu Qoidalar va Tashkilotchining boshqa hujjatlarida belgilangan shartlarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlanishiga o‘z roziligini beradi.
2.5. Ishtirokchilar ro‘yxati, shuningdek, tegishli raqamlar o‘yin boshlanishidan kamida 24 soat oldin Tashkilotchining rasmiy Telegram kanalida e’lon qilinadi.
3. AKSIYA G‘OLIBLARI - SOVRINLAR EGALARINI ANIQLASH
3.1. 2025-yil 17 avgust soat 18:00 da (Toshkent vaqti bilan) Aksiya g‘oliblarini aniqlash va sovrinlar o‘yini (keyingi o‘rinlarda – “O‘yin”) bo‘lib o‘tadi.
O‘yin Tashkilotchining ijtimoiy tarmoqlarida jonli efirda namoyish etiladi. Ushbu Qoidalarda belgilangan Aksiyada ishtirok etish shartlarini bajargan barcha Ishtirokchilar O‘yinda ishtirok etadilar.
3.2. O‘yinda Aksiya g‘oliblarini aniqlash jarayoni maxsus onlayn “randomayzer” xizmatidan foydalangan holda tasodifiy ravishda amalga oshiriladi. Aksiya ishtirokchilari jarayonning borishini onlayn kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.
3.3. Tashkilotchi har bir Aksiya g‘olibi bilan onlayn bog‘lanadi, agar jonli efir vaqtida bog‘lanish imkoni bo‘lmasa, g‘olibga Sovrinni olish uchun Tashkilotchi bilan bog‘lanish ma’lumotlari yuboriladi. Shuningdek, g‘oliblar haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar tashkilotchining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
4. AKSIYA SOVRIN FONDINING TARKIBI VA MIQDORI
4.1. Aksiya sovrin jamg‘armasi Tashkilotchi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi va quyidagi sovrinlardan (keyingi o‘rinlarda – “Sovrinlar”) iborat bo‘ladi:
| Sovrin jamg‘armasi toifalari | Sovrinlar tavsifi | Soni |
|---|---|---|
| “Xonadon” toifasi sovrin jamg‘armasi: Sovrinlar sifatida O‘zbekiston Respu-blikasining turli hududlarida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini (xonadonlarni) olishga bo‘lgan mulkiy huquqlar taqdim etiladi * | 1-xonadon (Toshkent shahri) | 1 dona |
| 2-xonadon (Andijon shahri) | 1 dona | |
| 3-xonadon (Andijon shahri) | 1 dona | |
| 4-xonadon (Andijon shahri) | 1 dona | |
| 5-xonadon (Andijon shahri) | 1 dona | |
| 6- xonadon (Samarqand shahri) | 1 dona | |
| 7-xonadon (Samarqand shahri) | 1 dona | |
| 8-xonadon (Samarqand shahri) | 1 dona | |
| 9-xonadon (Samarqand shahri) | 1 dona | |
| 10-xonadon (Samarqand shahri) | 1 dona | |
| “Boshqa sovrinlar” toifasidagi sovrin jamgʻarmasi: Tashkilotchi tomonidan sotib olingan turli xil texnika va boshqa mulklar sovrin sifati-da taqdim etiladi. | Samsung 65CU7100UX 4K UHD Smart TV Televizori | 10 dona |
| Xiaomi vacuum E12 EU robot changyutgichi | 10 dona | |
| iPhone 16 pro(128 gb) | 10 dona |
4.2. “Xonadon” toifasidagi sovrinlar tavsifi:
4.2.1. Aksiyani o‘tkazish muddati boshlangandan so‘ng Tashkilotchi ko‘chmas mulk obyektlari egalari/huquq egalari bo‘lgan shaxslar (keyingi o‘rinlarda – “Quruvchilar”) bilan xonadonlarni sotib olish to‘g‘risida tegishli shartnomalar tuzadi va o‘z mablag‘lari hisobidan ko‘rsatilgan shaxslarga xonadonlar qiymatining 100 foizini zakalat sifatida to‘laydi.
Kelishuvlar tuzish natijasida Tashkilotchida Quruvchilardan xonadonni talab qilish huquqlari (xonadonga bo‘lgan mulk huquqi) paydo bo‘ladi (keyingi o‘rinlarda – “xonadonni olishga bo‘lgan mulkiy huquqlar”). Aksiya shartlariga muvofiq “Xonadon” toifasidagi Sovrin sifatida Quruvchidan xonadon olishga bo‘lgan mulkiy huquqlar amal qiladi.
“Xonadon” toifasi bo‘yicha sovrinni qo‘lga kiritgan Aksiya g‘oliblari aniqlangandan so‘ng, Tashkilotchi Aksiya g‘olibiga Quruvchilardan xonadon olish uchun mulkiy huquqlarni bepul taqdim etadi. Xonadonni olishga bo‘lgan mulkiy huquqlarni taqdim etish Tashkilotchi va Aksiya g‘olibi o‘rtasida tuziladigan “Talab qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risida”gi Kelishuvlar asosida amalga oshiriladi. Tashkilotchi va Aksiya g‘olibi o‘rtasida “Talab qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risida”gi Kelishuvlar imzolangandan so‘ng, Tashkilotchining Sovrinni topshirish bo‘yicha majburiyatlari toʻliq bajarilgan hisoblanadi.
4.2.2. Quruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga binoan, Quruvchi Aksiya g‘olibiga xonadonni (xonadonga bo‘lgan mulk huquqini) Quruvchi bilan tuzilgan tegishli kelishuvda ko‘rsatilgan muddatdan kechiktirmay topshirishi shart. Xonadonni (xonadonga bo‘lgan mulk huquqini) Aksiya g‘olibiga topshirish bo‘yicha majburiyatlar Quruvchi zimmasida bo‘ladi. Tashkilotchi Quruvchi tomonidan xonadonni topshirish kechiktirilgan hollarda va Quruvchi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan boshqa hollarda javobgar bo‘lmaydi.
4.2.3. Aksiya g‘oliblari O‘yin natijasida Tashkilotchi tomonidan ular uchun belgilangan Xonadonni olish majburiyatini oladilar.
O‘yinda G‘oliblarni aniqlash tasodifiy yo‘l bilan amalga oshirilishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining muayyan hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar boshqa hududlarda joylashgan (ular yashamaydigan) xonadonlarni yutib olishlari mumkin. Aksiya g‘oliblari bir Sovrinni boshqasiga almashtirishni talab qilishga haqli emas.
4.3. Tashkilotchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra Ishtirokchilarning roziligini olmasdan bir Sovrinni boshqasi bilan almashtirish, Sovrinlar sonini ko‘paytirish yoki kamaytirish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
5. SOVRINLARNI TOPSHIRISH TARTIBI
5.1. Tashkilotchi Aksiya G‘olibi bilan G‘olib “Payme”da ro‘yxatdan o‘tgan aloqa ma’lumotlari orqali bog‘lanadi.
5.2. Tashkilotchi G‘oliblar aniqlangan va Aksiya natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 90 (to‘qson) ish kuni ichida Sovrinni G‘olibga topshirish majburiyatini oladi.
“Xonadon” toifasidagi Sovrinlarni topshirish Tashkilotchi va Aksiya G‘olibi o‘rtasida “Talab huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risida”gi Kelishuvni tuzish orqali amalga oshiriladi.
“Boshqa sovrinlar” toifasidagi Sovrinlarni topshirish Aksiya tashkilotchisi va g‘olibiga Sovrinni topshirish orqali amalga oshiriladi.
5.3. Sovrinni qo‘lga kiritish uchun G‘olib Aksiya natijalari e’lon qilinganidan keyin 15 (o‘n besh) kun ichida G‘olib bilan aloqa kanallari orqali Tashkilotchi tomonidan ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha Tashkilotchining ofisiga shaxsan tashrif buyurishi va o‘zi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Uzrli sabablarga ko‘ra Tashkilotchining ofisiga belgilangan muddatlarda kela olmagan taqdirda, G‘olib xuddi shu muddatlarda Tashkilotchini kela olmaslik haqida ogohlantirishi va Sovrinni olish uchun boshqa muddatni kelishib olishi shart.
5.4. Aksiya g‘olibi Tashkilotchi va Quruvchiga “Xonadon” toifasidagi Sovrinni rasmiylashtirish va topshirish uchun barcha zarur jarayonlarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish, shu jumladan sovrinni rasmiylashtirish va topshirish uchun zarur hujjatlarni taqdim etish, zarur organlarga/muassasalarga tashrif buyurish majburiyatini oladi.
G‘olib tomonidan Tashkilotchining tashrif buyurish va tartib-taomillardan o‘tish uchun hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha talablari o‘z vaqtida bajarilmagan taqdirda, Tashkilotchi Sovrinni o‘z vaqtida topshirmaganlik uchun javobgar bo‘lmaydi.
5.5. Agar G‘olib Sovrinni olishdan bosh tortsa yoki Tashkilotchi Aksiya natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 15 (o‘n besh) ish kuni ichida o‘zi ko‘rsatgan bog‘lanish uchun ma’lumotlari orqali G‘olib bilan bog‘lana olmasa, sovrin talab qilinmagan deb hisoblanadi va Aksiya G‘olibining sovrinni olish huquqi yo‘qolgan hisoblanadi. Sovrinni olishdan bosh tortgan yoki ko‘rsatilgan muddatda Sovrinni olish niyatini bildirmagan Aksiya g‘olibi ushbu muddat tugagandan so‘ng Tashkilotchidan talab qilinmagan sovrinni talab qilishga haqli emas. G‘olibning Tashkilotchi tomonidan belgilangan shartlarda uning ishtirokidagi foto va/yoki video tasvirga olishda ishtirok etishdan bosh tortishi Sovrinni olishdan bosh tortishga tenglashtiriladi.
5.6. G‘olib Sovrindan bosh tortgan yoki u talab qilinmagan taqdirda, Tashkilotchi ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda talab qilinmagan Sovrinni qayta o‘ynash va yangi G‘olibni aniqlash huquqiga ega.
5.7. Tashkilotchi G‘olibda Sovrinni olish munosabati bilan yuzaga keladigan soliqlarni o‘z hisobidan to‘lash majburiyatini oladi.
6. MAS’ULIYAT
6.1. Tashkilotchi telekommunikatsiya va energetika tarmoqlaridagi nosozliklar, zararli dasturlarning xatti-harakatlari, shuningdek, uchinchi shaxslarning Tashkilotchining dasturiy va/yoki apparat kompleksidan ruxsatsiz foydalanishga va/yoki uni ishdan chiqarishga qaratilgan insofsiz xatti-harakatlari oqibatida majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi.
Yuqorida ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda Tashkilotchi Tashkilotchining texnik tizimlarida yuzaga kelgan xatolar, uzilishlar, nosozliklarni bartaraf etish muddatlari va sanalarini mustaqil ravishda belgilash huquqini o‘zida saqlab qoladi.
6.2. Tashkilotchi uchinchi shaxslarning qasddan va/yoki qasddan bo‘lmagan harakatlari natijasida ushbu Qoidalar shartlarini bajara olmagan taqdirda, Tashkilotchi javobgar bo‘lmaydi.
6.3. Xonadonlarning sifati, Quruvchining xonadonlarni (xonadonga bo‘lgan mulk huquqini) Aksiya g‘olibiga topshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishi, shuningdek, Quruvchining o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi, xonadonni lozim darajada sifatli topshirmaganligi bilan bog‘liq har qanday oqibatlar uchun faqat Quruvchi javobgar bo‘ladi. Tashkilotchi faqatgina Quruvchiga xonadon narxini o‘z vaqtida to‘lash, shuningdek, Aksiya g ‘olibiga xonadonni olish uchun mulkiy huquqlarni berish uchun javobgar bo‘ladi.
6.4. Tashkilotchi Quruvchidan Aksiya g‘olibiga xonadonlarni (xonadonlarga bo‘lgan mulk huquqini) topshirishni tegishli ravishda rasmiylashtirish, kechiktirish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, Quruvchi tomonidan xonadonni (xonadonga bo‘lgan mulk huquqini) topshirish muddatlarini uzaytirish, shuningdek, Quruvchining, xonadonni (xonadonga bo‘lgan mulk huquqini) topshirishni rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarning harakatlari/harakatsizligi uchun javobgar emas.
6.5. Aksiya tashkilotchisi Ishtirokchilarning Aksiyani o‘tkazish qoidalari va unda ishtirok etish shartlari bilan tanishmaganligi, shuningdek, ularning Aksiya natijalari haqida xabardor bo‘lmaganligi uchun javobgar emas. Shuningdek, Tashkilotchi quyidagilar uchun mas’ul emas: Ishtirokchilardan xatlar, qo‘ng‘iroqlar, faks va/yoki elektron xabarlarni olmaganlik, jumladan pochta xizmati, aloqa tashkilotlari aybi tufayli, texnik muammolar va/yoki Internet tarmog‘ida hamda Aksiya o‘tkazishda foydalaniladigan aloqa kanallarida firibgarlik natijasida yuzaga kelgan muammolar uchun; Ishtirokchilardan Sovrinlarni olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va/yoki ma’lumotlarni olmaganlik yoki kechikib olganlik; Ishtirokchilardan Aksiyani o‘tkazish va Sovrinlarni topshirish uchun zarur bo‘lgan to‘liq bo‘lmagan va/yoki noto‘g‘ri aloqa ma’lumotlari hamda boshqa ma’lumotlarni olganlik uchun javobgar emas.
6.6. Tashkilotchi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilanadigan fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda ushbu Qoidalarda ko‘rsatilgan majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi.
7. NIZOLARNI HAL ETISH TARTIBI
7.1. Mukofotlar tashkilotchisi tomonidan “Xonadonlar” toifasi topshirilgandan keyin yuzaga keladigan e’tirozlar va nizolar bevosita Aksiya g‘olibi va Quruvchi (obyekt egasi) o‘rtasida, Aksiya tashkilotchisini jalb qilmasdan va ishtirokisiz hal etiladi.
7.2. Ushbu Qoidalardan kelib chiqadigan yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan barcha nizoli masalalar do‘stona asosda maslahatlashuvlar va muzokaralar yo‘li bilan hal etilishi lozim. Maslahatlashuvlar va muzokaralar yo‘li bilan tartibga solinmagan nizolar va kelishmovchiliklar da’volar yuborish yo‘li bilan hal etiladi.
7.3. Agar Tomonlar ushbu Qoidalarning 7.2-bandiga muvofiq nizolar va kelishmovchiliklarni hal etishga erishmasalar, nizolar va kelishmovchiliklar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik qoidalariga muvofiq sud tartibida hal etiladi. Tashkilotchi bilan sud tartibida hal etiladigan nizolar va kelishmovchiliklar Tashkilotchi ro‘yxatdan o‘tgan joydagi sudda ko‘rib chiqilishi kerak.
8. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI QAYTA ISHLASH SHARTLARI
8.1. Aksiyada ishtirok etish ishtirokchi bilan turli aloqa vositalari yordamida, shu jumladan pochta jo‘natmasi, elektron pochta (e-mail), mobil telefon (sms-xabar) manziliga tegishli axborotni jo‘natish, push-xabarlar, shu jumladan reklama tushunchasiga mos keluvchi axborot orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni amalga oshirish yo‘li bilan, Tashkilotchi tomonidan o‘tkaziladigan reklama, marketing va boshqa dasturlar va o‘yinlarda ishtirok etish, shuningdek, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish, marketing va/yoki statistik va/yoki boshqa tadqiqotlar o‘tkazish, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ilgari surish, Tashkilotchi tomonidan taklif etiladigan yangi xizmatlar, maxsus takliflar va reklama aksiyalari, chegirmalar va bonuslar tizimlari to‘g‘risida xabardor qilish, Tashkilotchi va uchinchi shaxslarning qo‘shma mahsulotlari (tovarlari, ishlari, xizmatlari) to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida, shuningdek, Tashkilotchi tomonidan amaldagi qonun hujjatlarida, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish maqsadida Ishtirokchining ushbu Qoidalarga to‘liq va so‘zsiz roziligini, shuningdek, “Payme”da ro‘yxatdan o‘tishda taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga roziligini anglatadi.
8.2. Aksiyada ishtirok etish orqali Ishtirokchi o‘z xohishi va manfaatlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonuni talablariga muvofiq Tashkilotchiga (O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligini va ularga ishlov berishda shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilish sharti bilan) ishlov berishga (yig‘ish, yozish, tizimlashtirish, to‘plash, saqlash, tasdiqlash, aniqlashtirish (yangilash, o‘zgartirish), foydalanish, tarqatish, taqdim etish, uzatish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududida uzatish), Tashkilotchi va uning kontragentlari tomonidan ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlarini, shu jumladan avtomatlashtirish vositalari va ma’lumotlar bazalarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlari, boshqa dasturiy vositalardan foydalangan holda egasizlantirish, bloklash va yo‘q qilish uchun, shuningdek, Ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlariga qo‘lda, avtomatlashtirilgan tartibda va aralash ishlov berishga, Tashkilotchi va uning kontragentlarining ichki tarmog‘i orqali, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali uzatish orqali ham, bunday bo‘lmagan holda ham o‘z roziligini beradi. Foydalaniladigan qayta ishlash usullari, shu jumladan (cheklovlarsiz), ma’lumotlar bazasini zarur mezonlar bo‘yicha segmentlashni o‘z ichiga oladi.
8.3. Ushbu rozilik Ishtirokchi tomonidan ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlariga nisbatan yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarga erishish uchun zarur yoki istalgan har qanday harakatlarni amalga oshirish uchun, ishtirokchiga tegishli bo‘lgan har qanday ma’lumotlarga, jumladan quyidagilarga: familiyasi, ismi, otasining ismi; jinsi; tug‘ilgan yili, oyi, sanasi (O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan hollarda esa - shaxsni tasdiqlovchi hujjatning rekvizitlari (pasport raqami, berilgan sanasi, bergan organning nomi, JSHSHIR, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar), soliq to‘lovchining shaxsiy raqami, mobil telefon raqamlari, elektron pochta manzili va bank kartasi raqami va boshqa ma’lumotlar) ga beriladi.
8.4. Ushbu Qoidalarga muvofiq Ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga jalb qilinadigan uchinchi shaxslarni tanlash huquqi Tashkilotchiga beriladi va qo‘shimcha kelishuvni talab qilmaydi. Tashkilotchi tomonidan shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
8.5. Aksiya g‘olibi Tashkilotchi tomonidan tashkil etilgan foto va video tasvirga olishda ishtirok etish majburiyatini oladi, shuningdek, o‘z ismi, familiyasi, otasining ismi va tasvirlarini (suratlar va videolar) Tashkilotchining https://www.instagram.com/payme.uz/, https://t.me/payme_uz, https://www.facebook.com/payme.uz/ manzillaridagi rasmiy tarmoqlarida, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, bosma nashrlarda, radio va televideniye ko‘rsatuvlarida, Internet-OAV va boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtirishga rozilik beradi.
9. BOSHQA SHARTLAR
9.1. Tashkilotchi istalgan vaqtda, bir tomonlama tartibda, Ishtirokchilar yoki boshqa shaxslarni oldindan xabardor qilmasdan va ularning roziligisiz ushbu Qoidalarga o‘zgartirish va/yoki qo‘shimchalar kiritish yoxud “Payme”da tegishli ma’lumotlarni joylashtirish orqali Aksiyani to‘xtatish/to‘xtatib turish/bekor qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
9.2. Aksiya tashkilotchisi muayyan shaxsga Sovrinni berishni rad etish huquqiga ega, agar bunday shaxs tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va/yoki Aksiya ishtirokchisi tomonidan o‘tkazilayotgan Aksiya Qoidalari shartlarining boshqacha tarzda bajarilmasligi, shuningdek Sovrinni yutib olish imkoniyatlarini sun’iy ravishda oshirishga qaratilgan insofsiz manipulyativ/rag‘batlantiruvchi harakatlar aniqlansa. Sovrinni olish rad etilgan taqdirda, Tashkilotchi Sovrinni o‘z ixtiyoriga qoldiradi.
9.3. Tashkilotchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishtirok etish uchun arizalarni haqiqiy emas deb topishi, shuningdek, ishtirok etish uchun ariza berish yoki Aksiyani o‘tkazish jarayonini soxtalashtirgan yoki undan foyda ko‘rgan har qanday shaxsga ushbu Aksiyada keyingi ishtirokini taqiqlashi mumkin, yoki ushbu Qoidalarni buzgan holda harakat qiladi, buzg‘unchi tarzda harakat qiladi yoki ushbu Aksiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxsni bezovta qilish, haqorat qilish, tahdid qilish yoki bezovta qilish maqsadida harakatlarni amalga oshiradi, shu jumladan, lekin bular bilan cheklanmagan holda:
9.3.1. Agar Aksiya tashkilotchisida Ishtirokchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tishda taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri, to‘liq emas, xato, noaniq yoki uchinchi shaxsga tegishli ekanligi haqida taxminlar mavjud bo‘lsa;
9.3.2. Agar Aksiya tashkilotchisida Ishtirokchi firibgarlik qilayotgani, aldov yoki pora berishda qatnashayotgani, moliyaviy hiyla-nayranglar qilayotgani, yoki Ilovada dinamik va boshqa manipulyatsiyalardan foydalanayotgani haqida shubha yoki asoslar mavjud bo‘lsa, va bu harakatlar Ilovaning hamda uning Ishtirokchilari uchun turli turdagi va darajadagi salbiy oqibatlarga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa;
9.3.3. Agar Ishtirokchi ushbu Qoidalarga zid ravishda harakat qilsa.
9.4. Tashkilotchi Aksiya ishtirokchilaridan Aksiya ishtirokchisining Aksiya qoidalariga rioya qilishini tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rash huquqiga ega.
Aksiya ishtirokchisi ko‘rsatilgan muddatda zarur ma’lumotlarni taqdim etmagan taqdirda, Aksiya ishtirokchisining qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rash uchun asos bo‘lgan arizasi bekor qilinadi va Aksiyada ishtirok etishga qo‘yilmaydi.
9.5. Aksiya ishtirokchisidan so‘rov yuborish va ma’lumot hamda hujjatlarni taqdim etish jarayonida Aksiya ishtirokchisining ushbu Aksiya qoidalarini buzganligi aniqlansa, Tashkilotchi bunday Aksiya ishtirokchisini Aksiyada keyingi ishtirok etishdan chetlatish va Sovrinlarni berishni rad etish huquqiga ega.
9.6. Agar biror sababga ko‘ra, jumladan, kompyuter viruslari bilan zararlanish, Internetdagi nosozliklar, nuqsonlar, manipulyatsiyalar, ruxsatsiz aralashuv, soxtalashtirish, texnik nosozliklar yoki Tashkilotchi tomonidan nazorat qilinmaydigan, aksiyaning bajarilishi, xavfsizligi, halolligi, yaxlitligi yoki tegishli tarzda o‘tkazilishini buzadigan yoki unga ta’sir ko‘rsatadigan har qanday sabab tufayli Aksiyani rejalashtirilganidek o‘tkazish imkoni bo‘lmasa, Tashkilotchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra aksiyani bekor qilishi, to‘xtatishi, o‘zgartirishi yoki o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatishi yoxud ishtirok etish uchun har qanday tegishli arizalarni haqiqiy emas deb topishi mumkin.
9.7. Tashkilotchi Aksiya ishtirokchilari bilan Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan yozma muzokaralar yoki boshqa turdagi muloqotlarni amalga oshirmaslikka haqli.
9.8. Aksiya g‘olibi ommaviy axborot vositalarida intervyu yoki sharhlar berishdan, shuningdek, Tashkilotchining oldindan yozma roziligisiz Aksiya yoki Tashkilotchi haqida ommaviy bayonot bermaslik majburiyatini oladi. Ushbu majburiyat buzilgan taqdirda, Tashkilotchi G‘olibning yutug‘ini bekor qilishga haqli.
9.9. Ushbu Qoidalar bilan tartibga solinmagan barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
10. TASHKILOTCHINING REKVIZITLARI
Manzil: Toshkent shahri, Mirobad tumani, Fidokor, 10B
STIR: 302050181
QQS: 326060022754
H/v: 20214000704924275001
OPERU AT «ALOQABANK», Toshkent shahri
MFO: 00401
E-mail: info@payme.uz
Tel: 1350
Telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun 282961-sonli litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2024-yil 23-mayda berilgan.
3-son to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2020-yil 4-aprelda berilgan (2024-yil 8-iyunda qayta rasmiylashtirilgan).