Перейти к основному содержимому

Sardor Islomov bilan suhbat

· 4 мин. чтения

img alt

Sardor Islomov

Payme Business bo‘limi mutaxassisi, Payme kompaniyasining android ishlab chiqaruvchisi hamda eng faol va kommunikativ xodimlaridan biri.

Biz u bilan Xakaton, ishlab chiquvchi bo‘lib yetishish yo‘lidagi qiyinchiliklar haqida suhbatlashdik va yangi ish boshlayotgan dasturchilar uchun bir nechta qimmatli maslahatlarga ega bo‘ldik.

— Payme kompaniyasiga qanday kelganingiz haqida gapirib bering?


Men kompaniyaga 2019 yilda keldim. O‘sha paytda men universitetni endigina tugatib, menga rivojlanish va o‘sish imkoniyatini beruvchi istiqbolli kompaniyaga ishga kirmoqchi edim. Bir kuni UZIT kanalida bo‘sh ish o‘rni haqida bilib qoldim va sinab ko‘rishga arziydi deb o‘yladim. Har holda, bu menga yangi jamoa bilan tanishish tajribasini bergan bo‘lardi, bu esa kam narsa emas. Rezyumeimni ko‘rib chiqqandan so‘ng, mobil bo‘lim jamoasi menga texnik topshiriq yubordi. Men bir kunda Troll Uz loyihasi uchun kichik dasturni yaratdim. Buni bepul bajardim, chunki meni ishlab chiqish tajribasining o‘zi qiziqtirardi. Ilovam Payme yigitlariga yoqdi, shundan so‘ng ular meni texnik suhbatga taklif qilishdi. Suhbatdan hech bir qiyinchiliksiz o‘tdim va 2019 yil iyun oyidan boshlab Payme kompaniyasida Android ishlab chiquvchi bo‘lib ishlayman.



— Kompaniyadagi ish tajribangiz qanday?


Ish boshlaganimga deyarli bir yil bo‘ldi. 2019 yilning yozida kelib, Payme Business bo‘limida ish boshladim - yangi funksiyalarni joriy etish, UI va integratsiya matnlarini yozish bilan shug‘ullandim. Bir necha oy o‘tgach, mening rahbarim (bo‘lim boshlig'i) menga Payme ilovasida foydalanuvchini identifikatsiya qilish uchun yangi ilovani ishlab chiqish va tuzish vazifasini topshirdi. Vazifani amalga oshirishning o‘zi menga juda qiziqarli bo‘lib, uni bajarishga kirishdim. Men kompyuterning ko‘rish qobiliyati, mashinali o‘qitish qanday ishlashini o‘rgandim, tafsilotlarga e'tibor berib, ushbu mavzuga chuqur kirishib ketdim. Oxir-oqibat, men topshirilgan vazifani uddaladim, hozirda Payme CARD hamyonini identifikatsiya qilishda uning qanday ishlashini ko‘rishingiz mumkin. Hozir Payme mahsuloti ustida ishlayapman. Men asosan yangi funksiyalarni joriy etish, ularning ishlashini nazorat qilish, paydo bo‘layotgan xatolarni kuzatish va tuzatish uchun javob beraman.



— Mobil ishlab chiqish sohasini qayerda o‘rgangansiz?


Men Toshkent shahridagi Inxa universitetini “Kompyuter fanlari va axborot muhandisligi” yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganman. O‘z dasturlash ko‘nikmalarimning katta qismini universitetda egalladim va professor va ustozlarimdan juda minnatdorman. Paymedan oldin ko‘plab kichik startaplarda mobil ishlab chiquvchi sifatida ishlab, asta-sekin erkin xodim (frilancer) bo‘lib ishlashga o‘tganman. Mijozlarimning aksariyati AQSh va Rossiyalik kishilar edi. Yuqoridagi tajriba menga Payme kompaniyasiga ishga kirishimga yordam berdi.


— Xakatondagi tajribangiz haqida gapirib bersangiz ? Sizni u yerga qanday taklif qilishdi, siz haqingizda qayerdan bilishdi?


Asosiy ish joyimdan tashqari, men GDG Tashkent tashkilotchilaridan biri hisoblanaman. Oxirgi 4 yil davomida biz ko‘plab tadbirlar va xakatonlarni o‘tkazdik, ularda O‘zbekistondan, shuningdek qo‘shni davlatlardan yuzlab odamlar ishtirok etdi. 15 sentyabrda biz IT Park bilan mobil dasturlash bo‘yicha xakaton boshladik. Men Paymedagi ish tajribam tufayli ustozlik va hakamlik qildim.



— Ishingizning qaysi jihatini eng ko‘p yaxshi ko‘rishingizni gapirib bering?


Men ishlab chiquvchiman. Kasbim nomidan kelib chiqib, men albatta, nimanidir ishlab chiqishni, chinakam ajoyib mahsulotni yaratish uchun yangi texnologiyalarni o‘rganishni, bilimimni oshirishni yaxshi ko‘raman. Shuningdek muammolarni hal qilish ham yoqadi. Biror narsani tuzatganingiz natijasida u to‘g'ri ishlay boshlasa, kayfiyatingiz ko‘tariladi - bu his-tuyg'uni tasvirlab bo‘lmaydi. Bizning ilovamiz minglab odamlarning har kungi yordamchisi bo‘lib, ularning hayotini osonlashtirayotganidan doim xursand bo‘laman.


— Qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?


Payme – bu men ishlash baxtiga muyassar bo‘lgan birinchi yirik kompaniyadir. Paymega qadar yirik tashkilotlarda ishlash tajribam bo‘lmagani uchun dastlab hamkasblarim bilan muloqot qilish ancha qiyin bo‘lgan. Ehtimol, tortinchoqligim tufaylidir, boshida men vazifani to‘liq tushunmagan yoki yangi funksiyalarni noto‘g'ri amalga oshirgan paytlarim bo‘lgan. Endilikda, bu albatta ortda qoldi, va jamoa bilan eng iliq munosabatlarga egaman. Biz katta bir oilaga o‘xshaymiz.


— Yangi ish boshlayotgan ishlab chiquvchilarga qanday maslahat bera olasiz?


O‘z tajribamga asoslanib, shuni aytishim mumkinki, kishilar bilan muloqot qilish juda muhim. Sizni ilhomlantiradigan va rag'batlantiradigan muhitda bo‘lishga harakat qiling. Tengdoshlaringiz bilan muloqot qiling, dunyoqarashingizni kengaytiring, jamoada ishlashga harakat qiling – bu aslida juda qiziqarli jarayon. Doimiy ravishda o‘z ko‘nikmalaringizni takomillashtiring, adabiyotlar, maqolalar o‘qing, podkastlarni tinglang. Va eng muhimi – qo‘rqmang. Ish boshlang, va natijada qanday qilib katta tajribaga ega bo‘lganingizni sezmay ham qolasiz.

Central Asia DevFest 2020 da Sardorning ma’ruzasi uchun havola: https://www.youtube.com/watch?v=vIT5lgEALCU&t=2s