APK fayllar nima va firibgarlar Telegramda ular yordamida qanday qilib ma’lumotlaringizni o‘g‘irlaydi
Telegramda APK fayllarni rasm yoki ilova sifatida tarqatish — firibgarlikning keng tarqalgan usullaridan biridir. Siz bunday faylni nafaqat notanish odamdan, balki akkaunti buzib kirilgan do‘stingizdan ham olishingiz mumkin. Shu sababli hushyor bo‘ling va yuboruvchi sizga ishonchli ko‘rinsa ham bunday fayllarni ochmang.
APK (Android Package Kit) — Android qurilmalariga ilova o‘rnatish va ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan barcha komponentlarni o‘z ichiga olgan arxiv fayl formatidir. Ushbu fayllar o‘z-o‘zidan zararli bo‘lmasa ham, ishonchsiz manbalardan yuklab olinganda virus yoki troyan dasturlarini o‘z ichiga olishi mumkin.
Masalan: firibgarlar Instagram foydalanuvchilarini hikoyalarda belgilab, davlat tomonidan 5 million so‘m berilishi haqida va’da qilingan havolalar qoldirishadi. Foydalanuvchilar havolaga o‘tishlari bilanoq shaxsiy ma’lumotlari hamda hisob raqamlaridagi pullaridan ayrilishadi.
Yana bir keng tarqalgan usul — .apk kengaytmali fayllar. APK-fayllar Android qurilmalariga dasturlar o‘rnatish uchun ishlatiladigan maxsus format hisoblanadi. Bunday fayllarning o‘zi zararli bo‘lmasa ham, ular noma’lum manbalardan yuklab olinganda virus yoki troyanlarni o‘zida saqlashi mumkin.
Firibgarlar turli APK-fayllardan foydalanadilar:
-
fishing APK-fayllar – bir qarashda litsenziyalangan dasturlarga o‘xshab ko‘rinsa-da, dastur nomidagi sezilmas harf almashinuvi foydalanuvchilar e’tiboridan chetda qoladi. Biroq, bunday dasturlar parollar va to‘lov ma’lumotlarini o‘g‘irlash uchun ishlatiladi;
-
troyan APK-fayllar SMS va bank ilovalariga kirish imkonini berib, o‘z qurbonini pullik xizmatlarga ulab qo‘yishi mumkin;
-
ayg’oqchi APK-fayllar qo‘ng‘iroqlarni yashirincha yozib oladi, joylashuvingizni kuzatadi va shaxsiy xabarlaringizni ko‘chirib oladi;
-
masofadan boshqariladigan APK-fayllar xakerlarga qurilmangiz ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish imkoniyatini beradi.
Firibgarlar ko‘pincha APK-fayllarni rasm yoki tadbirga taklif sifatida yashirishadi. Masalan, ular “Bu sening surating emasmi?” yoki “Tadbirga taklifnoma” kabi xabar yuborib, “photo.apk” nomli faylni ilova qilishlari mumkin. Agar bunday faylni ochsangiz, smartfoningiz zararli dastur bilan zararlanishi va shaxsiy ma’lumotlaringiz firibgarlar qo‘liga tushishi ehtimoli yuqori.
Muhim! Foto va video fayllar .apk kengaytmaga ega bo‘la olmaydi. Agar sizga shunday fayl yuborilgan bo‘lsa, katta ehtimol bilan bu zararli dastur.
Agar tasodifan bunday virusli fayllarni yuklab olgan bo‘lsangiz qanday yo‘l tutish kerak?
1. Wi-Fi va mobil internetni o‘chirib qo‘ying, shunda virus ma’lumotlaringizni firibgarlarga yubora olmaydi;
2. Telefon sozlamalariga kiring, «Ilovalar» bo‘limiga o‘ting va yaqinda yuklab olingan shubhali dasturlarni o‘chirib tashlang. Ular odatda belgisiz va g‘alati nomga ega bo‘ladi;
3. Internetni faqat zararli dasturni o‘chirib tashlaganingizdan keyin yoqing va ijtimoiy tarmoqlardagi faol seanslarni tekshiring. Agar u yerda noma'lum qurilmalar bo‘lsa, ularni o‘chirib tashlang;
4. Bank operatsiyalaringizni tekshiring. Agar shubhali o‘tkazmalar bo‘lsa, darhol bankingizga qo‘ng‘iroq qiling — mutaxassislar kartangizni bloklab, pullaringiz xavfsizligini ta’minlaydigan yangi karta chiqarishga yordam beradi;
5. Xavfsizlik uchun bank ilovalari, pochta va ijtimoiy tarmoqlardagi parollaringizni yangilang