Firibgarlar qo‘lidagi QR-kodlar: qanday qilib aldov qurboniga aylanmaslik mumkin?
QR-kodlar to‘lovlar, havolalarga o‘tish va tezkor ma’lumot almashish uchun qulay vositaga aylanib ulgurdi. Biroq, firibgarlar bunday kodlarni shaxsiy ma’lumotlar va mablag‘larni o‘g‘irlash maqsadida ishlatish holatlari ko‘payib bormoqda. Keling, qanday xavflar mavjudligini va ulardan qanday himoyalanish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Firibgarlar qanday usullardan foydalanadi?
Soxta saytlar – QR-kodni skanerlaganingizda mashhur xizmat yoki tashkilotning qalbaki sahifasi ochiladi. U haqiqiy saytga o‘xshab ko‘rinsa ham, unda karta ma’lumotlari, telefon raqami va SMS orqali kelgan kodni kiritish so‘raladi. Masalan, firibgarlar turar-joy binolariga “Qo‘shnilar uchun chat” deb yozilgan QR-kodli varaqalar yopishtirib, odamlarni soxta Telegram sahifasiga yo‘naltirishi mumkin, u yerda esa ro‘yxatdan o‘tish uchun shaxsiy ma’lumotlar talab qilinadi.
Zararli dasturlar – QR-kodni skanerlagan foydalanuvchi virusli fayllarni avtomatik yuklovchi saytga yo‘naltirilishi mumkin. Natijada, qurilma bloklanishi yoki undagi ma’lumotlar o‘g‘irlanishi ehtimoli bor.
Boshqa hisobga to‘lov – Firibgarlar kafe yoki elektr samokat xizmatlarida haqiqiy QR-kod ustiga qalbaki kod yopishtirib ketishlari mumkin. Natijada, mijoz to‘lovni xizmatga emas, firibgarning hisobiga o‘tkazib qo‘yadi.
Qanday himoyalanish mumkin?
Soxta QR-kodlarni aniqlash har doim ham oson emas, ammo xavfni kamaytirishning bir necha yo‘li bor:
- Skanerlashdan oldin QR-kodni tekshiring. Jamoat joylaridagi QR-kodlarning ustiga boshqa narsa yopishtirilmaganligiga ishonch hosil qilish uchun qo‘lingiz bilan tekshirib ko‘ring;
- QR-kodni skanerlaganingizdan so‘ng sayt manziliga e’tibor bering. Manzil "https" bilan boshlanishi va qulf belgisi bo‘lishi kerak. Shuningdek, harflarning almashtirilishidan ehtiyot bo‘ling (masalan, https://www.olx.uz o‘rniga “http://0lx.uz”);
- Noma’lum saytlarga shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritmang;
- Qisqartirilgan havolalardan ehtiyot bo‘ling. Ular fishing (firibgarlik) sahifalarini yashirayotgan bo‘lishi mumkin.
QR-kodlar hayotni ancha osonlashtirishi rost, ammo noma’lum QR-kodlarni skanerlashdan oldin ularning qalbaki emasligiga va yo‘naltiruvchi sayt xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilish juda muhim. Shunday ekan, faqat ishonchli manbalardan foydalaning va shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga bermang!