Перейти к основному содержимому

Ma’noli sovg‘alar ulashing: payme Yangi yil arafasida ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlashga chorlamoqda

· O‘qish vaqti: 2 daqiqa

img alt

payme #AyolTadbirkorligiTarafida loyihasini davom ettirmoqda. Yangi yil arafasida kompaniya nafaqat o‘zi korporativ sovg‘alarni ayol tadbirkorlardan xarid qildi, balki ilova ichida maxsus bo‘lim ham yaratdi. Bu bo‘lim orqali foydalanuvchilar ayol ijodkorlar tomonidan tayyorlangan o‘ziga xos sovg‘alarni topishlari mumkin.

O‘zbekistonda ayol tadbirkorlar yangi ish o‘rinlari yaratib, barqaror iste’mol madaniyatini shakllantirmoqda. Ammo ular hanuz korporativ buyurtmalar va sotuv kanallaridan foydalanishda ayrim muammolarga duch kelishadi. payme’ning yangi loyihasi esa bu vaziyatni o‘zgartirishga qaratilgan: kompaniya o‘z platformalaridan sovg‘alarga talab yuqori bo‘lgan davrda ayol ijodkorlarning mahsulotlarini kengroq auditoriyaga ko‘rsatish, qo‘shimcha e’tibor yaratish va haqiqiy savdolarni oshirish uchun foydalanadi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya bo‘lib, u nafaqat mamlakatning kreativ sanoatini rivojlantirishga, balki oilalarning daromadlarini oshirishga va kichik biznesni mustahkamlashga xizmat qiladi, — deydi TBC Uzbekistan raqamli banking ekotizimi tarkibiga kiruvchi payme kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Nodira Sultonxo‘jayeva. — Biz biznes ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi kuch bo‘lishi mumkinligiga ishonamiz. O‘zbekistonda biznes yuritayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash bizning strategiyamizning muhim qismidir. Biz ayollar tadbirkorligiga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga intilamiz va ayniqsa korporativ hamkorlarga yetib borishi qiyin bo‘lgan ayollar uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga harakat qilamiz.

Loyiha hamkori Teplo Store — o‘zida o‘nlab yosh o‘zbek brendlarini birlashtiradi. Ularning aksariyati ayollar tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ular vitraj oyna bezaklari, aksessuarlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, shamlar, qo‘lda yasalgan sovunlar, kanselyariya jihozlari, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa o‘ziga xos buyumlarni ishlab chiqarishadi.

«Kichik mahalliy brendlar uchun ular haqida gapirish va mehnatlari ko‘proq ko‘zga tashlanishi ayniqsa muhim, — deydi Teplo Store asoschisi Charos Kamalova. — Yangi yil sovg‘alarini tanlashda yanada mas’uliyatli yondashuv — mahalliy ishlab chiqarish va ijodkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash katta ahamiyatga ega. Biz payme’ga hamkorlik va O‘zbekistonda kichik biznesni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz».

Siz odatiy sovg‘a o‘rniga yoqimli sovg‘a sotib olishingiz va shu bilan birga ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin. Korporativ mijozlar uchun sovg‘alarni payme ilovasining maxsus bo‘limida ko‘rib, buyurtma qilish mumkin.

payme ayollar biznesini qanday qo‘llab-quvvatlamoqda

#AyolTadbirkorligiTarafida — bu payme’ning 2023-yilda boshlangan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli tashabbusi. O‘sha yili payme biznesdagi ayollarga mijozlar, investorlar va hamkorlar topishda, shuningdek, o‘z ishlarini kengroq tanitishda yordam berish maqsadida growth.payme.uz platformasini ishga tushirgan. payme o‘z media-resurslari, tajribasi va raqamli vositalarini taqdim etish orqali ayol tadbirkorlar hamjamiyatini shakllantirishga, ularning bizneslarini taniqliroq qilishga va mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissalarini oshirishga yordam beradi.