payme kompaniyasi yangi bosh direktor tayinlaganini e’lon qildi
Toshkent, O‘zbekiston — 2025-yil 23-may — Mamlakatimizning yirik to‘lov xizmatlaridan biri va TBC Uzbekistan fintech ekotizimining muhim qismi bo‘lgan payme kompaniyasining yangi bosh direktori etib Stanislav Skvirskiy tayinlandi.
Yangi lavozimida Skvirskiy payme kompaniyasining rivojlanish strategiyasini shakllantirish, yangi xizmatlar va mahsulotlar yaratish hamda jamoaning operatsion faoliyatini boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi. U faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri TBC Uzbekistan rahbari Nika Kurdiani boshqaruvi ostida olib boradi.
Tayinlovga qadar Stanislav payme moliyaviy mahsulotlar departamenti direktori bo‘lib, P2P o‘tkazmalar, to‘lovlar, to‘lovlarni monitoring qilish hamda GovTech’ni o‘z ichiga oluvchi, ekotizimning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan daily banking’ni boshqargan. Skvirskiy 2023-yilda TBC jamoasiga qo‘shilgan.
Nika Kurdiani, CEO TBC Uzbekistan: «Stanislav Skvirskiy O‘zbekistonning yangi iqtisodiyotini shakllantirayotgan yosh yetakchilardan biridir. U raqamli biznes xususiyatlarini chuqur tushunadi va yirik moliyaviy texnologiya kompaniyalarida xalqaro tajribaga ega. Ishonchim komilki, Stanislav boshchiligida payme bozor uchun yanada qulay yechimlar taklif qiladi va mamlakat moliya bozorini rivojlantirishda yetakchilik qilishda davom etadi».
Stanislav Skvirskiy, CEO payme: «Men uchun butun O‘zbekiston bo‘ylab millionlab odamlarning ishonchini qozongan kompaniyani boshqarish katta sharafdir. paymeda barcha qilayotgan ishlarimiz markazida mijozlarimiz turadi. Jamoamiz bilan birgalikda moliyaviy xizmatlarni yanada osonlashtirish, ularni har bir foydalanuvchi uchun qulayroq, tushunarliroq va yaqinroq qilish ustida ishlashda davom etamiz. O‘zbekiston ulkan raqamli salohiyatga ega va ishonamizki, eng qiziqarli voqealar hali oldinda».
Stanislav Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. Uning mutaxassisligi yangi mahsulotlar ishlab chiqish va ishga tushirish, bozor talablariga moslashtirish hamda biznes jarayonlarini kengaytirishga qaratilgan. U deyarli yigirma yillik ish tajribasini xorijda, jumladan GE Money Bank (General Electric) va Skybonds moliyaviy texnologiya xizmatida orttirgan.