Перейти к основному содержимому

Kuch — davom eta olishda: payme ayollar biznesining haqiqiy tomoni haqidagi videoni taqdim etdi

· O‘qish vaqti: 3 daqiqa

img alt

8-mart arafasida brendlar odatda g‘alabalar haqida gapiradi. Shiddatli o‘sish, oila va karyera uyg‘unligi, ilhomlantiruvchi muvaffaqiyat hikoyalar asosiy mavzuga aylanadi. Biroq bu yil payme boshqa jihatga e’tibor qaratdi va O‘zbekistondagi ayol tadbirkorlarning murakkab kundalik hayoti haqida video tayyorladi.

Rolikning asosida har bir biznes ortida nafaqat olqishlar, balki yopilgan loyihalar, o‘zgargan biznes modellar, kassa uzilishlari, uyqusiz tunlar va hatto hammasidan voz kechgisi keladigan lahzalar borligi haqidagi manifest yotadi.

Ikki yil avval jamoa tadbirkor ayollarning hikoyalari bilan bo‘lishgan edi. Bugun esa payme ushbu qahramonlar o‘tgan vaqt davomida qanday yo‘lni bosib o‘tganliklarini bilish uchun ular bilan qayta bog‘landi.

Zakiya Dalimova olti yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan Walkntalk kiyim brendini yopdi va endi yangi rejalar ustida ishlamoqda. Durdona Muxiddinova AutoLady haydovchilik maktabini ikki marta bozor sharoitiga moslab qayta tashkil etdi. Fotima Arifjonova (“Toshkentdan gapiramiz”) va Tamilla Mun (Balance Studio) mavsumiy pasayishlarni yengish va ularga moslashishni o‘rgandilar. Nargiza Qodirova (Arhat Group) 21 yil davomida kompaniyasini valyuta kursi o‘zgarishlari va kuchli raqobat sharoitida boshqarmoqda. Mo‘tabar Xushvaqtova kichik bir ekobrendni yirik festivalga aylantirib, ekologik savodxonlikni oshirish mas’uliyatini bo‘yniga oldi. Muhayyo Maqsudova esa farzandi tug‘ilganidan keyin ham klinika ishini to‘xtatmadi.

O‘zbekistonda ayollar uchun biznes yuritish ancha murakkab — ulardan kompaniyani boshqarish bilan bir qatorda uy-ro‘zg‘or, farzandlar va maishiy yumushlarga ham «mas’ul» bo‘lish kutiladi. Ko‘pincha erkaklarning malakasi tabiiy deb qabul qilinadigan joylarda, ayollar uni isbotlashiga to‘g‘ri keladi.

Nodira Sultonxo‘jayeva, TBC Uzbekistan marketing bo‘yicha direktori:

“Videodagi qahramonlar bilan suhbatdan chiqargan asosiy xulosamiz shuki, ularning kuchi har doim ham muvaffaqiyatga erishishda emas, balki inqirozlarni qanday yengib o‘tishlaridadir. payme’da biz har kuni minglab tadbirkorlar bilan ishlaymiz va real dinamikani — o‘sish, mavsumiylik, pasayish va tiklanish jarayonlarini ko‘ramiz. Raqamlar ortida murakkab qarorlar qabul qiladigan, jamoasi va oilasi uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan insonlar turganini his qilamiz.

Ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlash — butun iqtisodiyot barqarorligini qo‘llab-quvvatlash demakdir. Agar kuchli jamiyat qurmoqchi bo‘lsak, nafaqat muvaffaqiyatni, balki qiyinchiliklar bilan o‘tilgan yo‘lni ham qadrlashni o‘rganishimiz zarur. Aynan shuning uchun ham sizga “davom eting”, deymiz. Biz nafaqat yuksalish damlarida, balki qayta tiklanish va o‘zgarishlar davrida ham siz tomondamiz”.

Videoda aytilgan so‘zlar faqat rolik qahramonlariga emas, balki butun jamiyatga qaratilgan: ayollar biznesi — bu ish o‘rinlari, soliqlar, innovatsiyalar va mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir. Bu jamoa va oilalar oldidagi mas’uliyat hamda sarlavhalarga kamdan-kam chiqadigan kundalik mehnat demakdir.

Ushbu rolik ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli tashabbusning mantiqiy davomi bo‘ldi: payme’ni o‘z ichiga oluvchi TBC Uzbekistan ekotizimi ayollarni ta’lim, bozor va moliyalashtirishga kengroq jalb qilish, shuningdek, mamlakatda ayollar biznesi haqidagi qarashlarni o‘zgartirishga qaratilgan ta’lim dasturlaridan tortib, #AyolTadbirkorligiTarafida platformasigacha bo‘lgan loyihalarni izchil amalga oshirib kelmoqda.